]

2017-2021 YILLARDA O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASINI

RIVOJLANTIRISHNING BЕSHTA USTUVOR YO‘NALISHI BO‘YICHA

HARAKATLAR STRATЕGIYASI

7 fevral, 2017 yil. O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochilgan kun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qilindi.

Yurtimiz fuqarolarining kelgusi 5 yillik hayotini belgilab beruvchi ushbu hujjat loyihasi aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, shuningdek keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqildi.

Harakatlar strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishdan, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.

Harakatlar strategiyasi loyihasi “Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi” portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi hamda 2017 yilning 23-27 yanvar kunlari Toshkent shahrida hujjat loyihasiga bag‘ishlangan media-haftalik va xalqaro davra suhbati mobaynida mingdan ortiq mahalliy va xalqaro mutaxassislar ishtirokida yanada takomillashtirildi. Fuqarolar siyosiy-huquqiy borada yuksak faollik ko‘rsatib, olib borilayotgan islohotlarga alohida qiziqish va daxldorlik xissini namoyon qildilar. Jumladan, ushbu tadbirlar doirasida 1 300 dan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushdi. Shu asosda Harakatlar strategiyasi loyihasining 41 ta bandi qayta ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Harakatlar strategiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan saylovoldi jarayoni, jamoatchilik, ishbilarmon doiralar vakillari hamda davlat organlari bilan uchrashuvlar chog‘ida bildirilgan mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari kiritildi.

Harakatlar strategiyasi besh bosqichda amalga oshirilib, ularning har biri bo‘yicha yil nomlanishidan kelib chiqqan holda alohida bir yillik Davlat dasturini tasdiqlashni nazarda tutadi. Xususan, 2017 yil — “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi. Dastur 320 banddan iborat chora-tadbirlarni nazarda tutgan bo‘lib, unda 168 ta vazirlik va idoralar ijro uchun mas’ul etib belgilandi.

Ushbu chora-tadbirlarni axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash, ularning amalga oshirib borilishi to'g'risida aholini, tadbirkorlik subyektlarini, fuqarolik jamiyati institutlarini va xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilish hamda ekspertlar xamda jamoatchilik o'rtasida keng muhokama etilishini tashkil qilish, qonun, qonunosti va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar bo'yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, Harakatlar strategiyasini amalga oshirib borilishining tizimli jamoatchilik monitoringini o'tkazish, uning sifatli va o'z vaqtida bajarilishi uchun qo'shimcha chora-tadbirlar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish kabi qator vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2017-yil 14-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-4849-sonli Farmoyishiga asosan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ta’sis etildi.