“HARAKATLAR STRATEGIYASINI AMALGA OSHIRISH: OAV SOHASIDA O'ZINI O'ZI BOSHQARISHNING SAMARALI USULLARI” MAVZUIDAGI SEMINAR
07.02.2018 | Ko`rilgan: 331

7-fevral kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi raisi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori hamda Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari asosiy spiker sifatida ishtirok etdilar.

Seminar davomida OAV sohasida o'zini o'zi boshqarishning samarali usullari bo'yicha Buyuk Britaniya tajribasi taqdim etildi hamda mazkur sohaga oid qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, o'zini o'zi boshqaruvchi mustaqil idoralarni (Jurnalistlar uyushmasi, OAV birlashmalari va boshqalar) tashkil etish orqali jurnalistlar faoliyatida o'zini o'zi boshqarish mexanizmlarini joriy etishning muximligi, shuningdek jurnalistlar kasbiy uyushmasi tomonidan Harakatlar etika kodeksini qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o'tamiz, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi va “Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi qonun loyihalari www.parliament.gov.uz sayti orqali jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan edi. Xususan, muhokamalar davomida qonun loyihasiga jurnalistlarga hamda jurnalistlarning kasb majburiyatlarini bajarishlarida ularga qo'yiladigan talablarni muvofiqlashtiruvchi jurnalistlarning kasbiy faoliyati etikasi qoidalari jamlanmasini kiritish taklif etildi. Shuningdek, agar axborot manbasi anonim bo'lishni istasa, bu jurnalistik sir bo'lib qolishi taklif etildi. Endilikda onlayn-OAVni ro'yxatdan o'tkazishda bosma nashrning tarqatilish hajmi va hududi qo'rsatilishi shart emas. Bundan tashqari, davlat tashkilotiga OAV so'roviga bir hafta davomida javob qaytarish majburiyati yuklanmoqda.

Qayd etish joiz, qonunga o'zgartish va qo'shimchalar 2017-yilning dekabr oyida o'zbek delegatsiyasining OAV faoliyatini takomillashtirish sohasida yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish hamda xorijiy tajribani o'rganish maqsadida Buyuk Britaniyaning London shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida ekspertlar bilan muhokama qilingan edi.