JAHON BANKI VAKILI OLIVYE DYURAN BILAN UCHRASHUV BO'LIB O'TDI
28.02.2018 | Ko`rilgan: 465

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Jahon bankining qishloq xo'jaligi sektorini modernizatsiya qilish strategiyasi missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Jahon bankining Toshkent shahridagi filiali qishloq xo'jaligi bosh iqtisodchisi - Olive Dyuran hamda Jahon bankining Vashington, Ostona va Toshkentdagi mutaxassislari Katerina Shreder, Alimjan Buranov, Maxmud Shormatov va Sanjar Babaevlar ishtirok etdilar.

Uchrashuv avvalida delegatsiya a'zolariga O'zbekistonda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, qishloq xo'jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

O'z navbatida janob Olive Dyuran tashkil etilgan uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, ikki tashkilot o'rtasida qishloq xo'jaligi sohasida faol hamkorlik aloqalarining o'rnatilishiga xizmat qilishini ta'kidladi. Shuningdek, Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan islohotlarni qatta qiziqish bilan kuzatayotganliklari hamda kelgusida qo'shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini aytib o'tdilar.

Jahon banki delegatsiyasi a'zolari O'zbekistonda qishloq xo'jaligi sohasining etakchi vakillari bilan sohani yanada takomillashtirish va rivojlantirish, yaqin 5-10 yilda kutilayotgan o'zgarishlar to'g'risida muhokamalarni tashkil etishda ko'maklashish va yana bir qator qo'shma loyihalarni amalga oshirishga katta e'tibor berayotganliklari, jumladan O'zbekistonda qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirishga yo'naltirilgan loyihalarga 1 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi investitsiya mablag'lari kiritilayotgani haqida axborot berdilar.

Tomonlar uchrashuv yakunlariga ko'ra Harakatlar strategiyasi doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan kelgusida hamkorlik qilishga, xususan bugungi kunda qishloq xo'jaligi sohasidagi mavjud dolzarb masalalarga bag'ishlangan o'quv treninglari, konferensiyalar va xorijda malaka oshirish tadbirlarini tashkil etishga kelishib oldilar.