KOMMUNAL XIZMAT KO'RSATISH TIZIMIDA FUQAROLAR ISHTIROKI
04.04.2018 | Ko`rilgan: 349

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida kommunal xizmat ko'rsatish tizimidagi suv va elektr ta'minoti sohasi mutaxassislari ishtirokida seminar bo'lib o'tdi. Tadbir Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda O'zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi, “Suvoqava” davlat unitar korxonasi, “O'zbekenergo” AJ vakillari ishtirok etdilar.

“Davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolarning ishtirokini ta'minlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan navbatdagi seminar davomida ushbu yo'nalishda fuqarolar fikrlarini o'rganish va mavjud muammolar hal etish yo'llarini muhokama qilindi.

Tadbir avvalida Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori so'zga chiqib, kommunal xizmatlar sifatini ta'minlashda fuqarolarning rolini muhimligini ta'kidladi. Uning fikr ko'ra, aholi tomonidan mavjud kamchilik va fikrlarning o'z vaqtida bildirilmasligi ularning davlat idoralariga ishonchi pastligini anglatishi mumkin. Davlat xizmatlari asosiy iste'molchilarining fikrini o'rganmay, samarali natijaga erishib bo'lmaydi. Bu esa davlat va fuqarolar o'rtasidagi hamkorlikning asosini tashkil etadi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar tomonidan ushbu yo'nalishda olib borilayotgan islohotlarni yanada samarali bo'lishi uchun tarif va xizmat ko'rsatishdagi o'zgarishlar haqida fuqarolarga o'z vaqtida shaffof va tushunarli shaklda ma'lumot taqdim etish lozimligi aytildi. Bunga mahalla yoki ko'p qavatli uylarda illyustratsiya plakatlari e'lonlarini joylashtirish kabi yo'llar orqali erishish mumkin. O'z navbatida, fuqarolar ta'minotchilarni xizmat ko'rsatish sifati, yuzaga kelayotgan muammaolar va kamchiliklar haqida xabardor qilib borishlari, ularni hal etish bo'yicha takliflar berishlari hamkorlikni yanada samarali bo'lishiga xizmat qiladi.