AQSH DAVLAT KOTIBINING INSON HUQUQLARI, DEMOKRATIYA VA MEHNAT MASALALARI BO'YICHA YORDAMCHISI O'RINBOSARI RENDI BERRI TASHRIFI YUZASIDAN
05.04.2018 | Ko`rilgan: 238

Bugun «Taraqqiyot strategiyasi» markazida AQSh Davlat kotibining inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Rendi Berri boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda, shuningdek, AQSh tomondan Amerika Qo'shma Shtatlarining O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen hamda iqtisodiy-siyosiy masalalar bo'yicha mutaxassisi Katerin Lemeri delegatsiya tarkibida uchrashuvda ishtirok etdi.

Tadbir AQSh vakillarining yurtimizga ikki kunlik tashrifi doirasida tashkil etilib, unda O'zbekiston tomondan esa Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman), O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari qatnashdilar.

Uchrashuv davomida O'zbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo'nalishida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqning sud tizimiga bo'lgan ishonchini qat'iy mustahkamlash, tizimni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish bo'yicha erishilgan ijobiy o'zgarishlar haqida ma'lumot berildi.

Muloqot davomida ikki davlat o'rtasida inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari bo'yicha kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.