BRITISH AIRWAYS, MERCEDES-BENZ, MICROSOFT KABI KORPORATSIYALARGA XIZMAT KO'RSATUVCHI APCO WORLDWIDE KOMPANIYASI VAKILLARI BILAN UCHRASHUV BO'LIB O'TDI
12.04.2018 | Ko`rilgan: 554

Davlat idoralari bilan munosabatlar hamda biznes sohasi uchun strategik va kommunikatsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha konsalting xizmatlarini ko'rsatuvchi jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha APCO Worldwide xalqaro kompaniyasining ijrochi direktori B. Stepls boshchiligidagi delegatsiyasi “Taraqqiyot strategiyasi” markaziga tashrif buyurdi.

Muzokalar davomida Markaz direktori A.Burxanov mehmonlarga bugungi kunda O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, xususan 2017-2021-yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari haqida batafsil ma'lumot berib, uning doirasida qabul qilingan 2018-yil Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarga alohida to'xtalib o'tdi.

Jumladan, Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish yo'nalishi doirasida O'zbekiston nufuzini xalqaro darajada yanada oshirish, xorijiy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, chet el investitsiyasini keng jalb qilish kabi qator islohotlarning amalga oshirilishi haqida axborot berildi.

O'z navbatida, APCO Worldwide vakillari o'zlari tomonidan hamkorlikda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirib, O'zbekiston o'z salohiyatini namoyish etishi mumkin bo'lgan kompaniya tomonidan dunyo bo'ylab o'tkaziladigan ko'plab xalqaro anjuman va tadbirlarga taklif etishga kelishib olindi.