“BIR MAKON, BIR YO'L” TADQIQOT MARKAZI O’ZBEKISTONDAGI ISLOHOTLARGA BAG’ISHLANGAN TAHLILIY MAQOLALAR CHOP ETADI
12.04.2018 | Ko`rilgan: 305

Xitoyning “Bir makon, bir yo'l” tadqiqot markazi direktori Chan Men Xang boshchiligidagi delegatsiya “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mutaxassislari bilan uchrashdi. Tashrif Xitoy vakillarining O'zbekistonga besh kunlik tashrifi doirasida uyushtirilib, unda tomonlar o'zaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv avvalida Markaz direktori A. Burxanov “Bir makon, bir yo'l” vakillarini 2017-yil yakunlariga ko'ra, yangi tashkil etilgan “aql markazlari”ning umumjahon reytingiga kiritilgani bilan samimiy qutlab, kelgusi faoliyatlariga zafarlar tiladi.

Muzokalar davomida mehmonlarga “Taraqqiyot strategiyasi” markazining asosiy faoliyat yo'nalishlari, 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo'nalishlari hamda 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar hamda joriy yilda O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy sohalarida boshlangan ishlarning uzviy davomi sifatida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berdi.

O'z navbatida, janob Chan Men Xang ikki tashkilot o'rtasida yo'lga qo'yilayotgan hamkorlikdan manfaatdor ekanini bildirib, tez sur'atlarda rivojlanayotgan O'zbekistonning salohiyatini yuqori baholadi, xususan turizm sohasi rivojini alohida ta'kidladi.  Shu o'rinda, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari “Bir makon, bir yo'l” tadqiqot markazi bilan hamkorlikda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan Harakatlar strategiyasi doirasida bo'layotgan ijobiy o'zgarishlarga bag'ishlangan tahliliy maqolalar tayyorlashga kelishib oldilar.