AQSHDA NNTLAR FAOLIYATINING OCHIQLIGI VA DAVLAT IDORALARI BILAN HAMKORLIK MEXANIZMLARI O'RGANILMOQDA
05.06.2018 | Ko`rilgan: 288

Ma'lumki, 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish belgilangan. Bunda NNTlarga ijtimoiy sheriklik doirasida davlat mulkini bepul yoki imtiyozli shartlar asosida berish, ijtimoiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlagan jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar joriy etish nazarda tutilgan.

Shu munosabat bilan, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda davlat organlari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari AQShning Vashington shahrida (Kolumbiya okrugi) muzokaralar o‘tkazmoqda.

Tashrif NNTlarining davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmlarini tadbiq etish, ularning faoliyatlari shaffofligini ta’minlash, ijtimoiy va siyosiy faolligi oshirish masalalari bo‘yicha yetakchi xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida AQShning xalqaro rivojlanish agentligining (USAID) “Huquqiy muhitni takomillashtirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Birinchi kun O‘zbekiston vakillari “Loeb&Loeb” yuridik kompaniyasi rahbari Marcus S.Owens, Xalqaro notijorat huquq markazi eksperti Margaret Scott, AQSh Kongresi huzuridagi Inson huquqlari komissiyasi markazi direktori Kimberli Stanton, AQSh xalqaro rivojlanish agentligi markazi rahbari Timothy Lavelle  bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida tomonlar qonunchilikda belgilangan tartiblar, soliqdan ozod etiluvchi tashkilotlar faoliyati, davlat idoralari bilan diniy va hududiy jamiyatlarning samarali hamkorlik mexanizmlari kabi qator masalalar muhokama qilindi. 

Delegatsiya a’zolarining AQShga tashrifi 2018-yilning 9-iyuniga qadar davom etadi.