YANGI INNOVATSION YECHIMLAR BO'YICHA XITOY TAJRIBASI O'RGANILMOQDA
14.06.2018 | Ko`rilgan: 476

Yangi innovatsion yechimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganish, ilmiy-tadqiqot markazlar, maxsus texnoparklar va kichik sanoat zonalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida mutassaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrif “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Huawei” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo‘yicha ofisi o’rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilib, unda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Bosh prokuratura va Majburiy ijro byurosi, “UZINFOCOM” markazi hamda Mirzo Ulugbek Innovation Center vakillari ishtirok etmoqda.

Dastur doirasida delegatsiya a’zolari Xitoyning Pekin, Xanjou va Shenjen shaharlarida elektron hukumat tizimi, axborot kommunikatsiya texnologiyalari tadqiqot markazi mutaxassislari bilan uchrashuv va muzokaralar olib bordilar. Jumladan, Shenjen shahrida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hamda Huawei Tech Investment Tashkent o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra Davlat xizmatlari markazining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish orqali fuqarolarga yangi turdagi xizmatlarni joriy etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalar hamda ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirish, dasturiy ta’minot yaratuvchi mutaxassislar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik olib boriladi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida statsionar va mobil davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi tizim faoliyati taqdimoti o‘tkazildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida joylarda sayyor tadbirlar tashkil etishning dolzarbligini hisobga olib, Davlat xizmatlari agentligi va “Huawei” kompaniyasi ushbu yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Loyihaning birinchi bosqichida statsionar va mobil davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi O‘zbekistonda sinov tariqasida joriy etiladi.

Qayd etish joiz, Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning yuqori sifati, tezkorligi, ochiqligini ta’minlash, aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish kabi qator vazifalar belgilangan.