ADLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI DAVLAT XIZMATLARI AGENTLIGI VA “HUAWEI” KOMPANIYASI O‘RTASIDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
14.06.2018 | Ko`rilgan: 45

Bir guruh vazirlik va idora vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi shu kunlarda Xitoyning Pekin va Shenjen shaharlarida so‘nggi innovatsion yechimlar bilan tanishish hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqdalar. 

Jumladan, Shenjen shahrida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hamda Huawei Tech Investment Tashkent o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra endilikda Davlat xizmatlari markazining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish orqali fuqarolarga yangi turdagi xizmatlarni joriy etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalar hamda ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirish, dasturiy ta’minot yaratuvchi mutaxassislar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik olib boriladi.

Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida joylarda sayyor tadbirlar tashkil etish dolzarbligi masalasi alohida ta’kidlandi. O‘tkazilgan muzokaralar yakunida Davlat xizmatlari agentligi va “Huawei” kompaniyasi ushbu yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Xususan, hamkorlikning birinchi bosqichida statsionar va mobil davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi O‘zbekistonda sinov tariqasida joriy etiladi.

Ma’lumot uchun, tashrif “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Huawei” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo‘yicha ofisi bilan imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilib, unda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Bosh prokuratura va Majburiy ijro byurosi, “UZINFOCOM” markazi hamda Mirzo Ulugbek Innovation Center vakillari ishtirok etmoqda.