“FUQAROLAR UCHUN BYUDJET” NASHRI TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI
13.07.2018 | Ko`rilgan: 270

2018 yilning 13 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi BMTning Taraqqiyot dasturi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi bilan hamkorlikda birinchi marta chop etilayotgan “Fuqarolar uchun byudjet”nashriga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida vazirliklar, idoralar, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sattarov byudjet shaffofligini ta’minlash va fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish sohasidagi olib borilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi.

Ma’lumki, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid qabul qilingan Davlat dasturida Davlat byudjeti daromadlari shakllanishi va xarajatlarni amalga oshirishning shaffofligini ta’minlashda mutlaqo yangi tamoyil va mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilganligi ta’kidlandi.

Anjuman davomida aholining byudjet jarayonidaishtirokini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar tashqi hamjamiyat uchun O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurilayotganiga aniq ishora ekanligi O‘zbekistondagi BMTning Taraqqiyot dasturi doimiy vakili Xelena Freyzer, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qo‘shma Qirolligining O‘zbekistondagi elchixonasi siyosat va jamoatchilik diplomatiyasi bo‘limi rahbari Jo Bidsuort tomonidan alohida ta’kidlandi.

Moliya vazirligi mutaxassislari o‘zlarining ma’ruzalarida Fuqarolar uchun byudjet – bu byudjetdaromadlarini shakllantirish, uning ustuvor yo‘nalishlari, ijtimoiy muhim tadbirlarni moliyalashtirish hamda ko‘zda tutilayotgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tushuntirish va izohlar bilanfuqarolarga yetkazishning soddava qulay vositasi ekanligi aytib o‘tishdi.