HARAKATLAR STRATEGIYASINI 2018 YILDA AMALGA OSHIRISHGA OID DAVLAT DASTURINING 1-YARIM YILLIGI NATIJALARI SARHISOB QILINDI
28.07.2018 | Ko`rilgan: 370

Shu yilning 25-27 iyul kunlari Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Germaniyaning Konrad Adenauer fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Harakatlar strategiyasining hududlarda amalga oshirilishiga bag‘ishlangan qator tadbirlar tashkil etildi.

Targ‘ibot guruhlari vakillari, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokimliklar mutaxassislari, siyosiy partiya a’zolari hamda mahalliy deputatlar ishtirokida “Harakatlar strategiyasi: sarhisob va istiqboldagi qadamlar” mavzusida “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Alisher Qodirov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muxammadiyev hamda Konrad Adenauer fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori doktor Tomas Kunse ishtirok etib, bugungi kunda O‘zbekistondagi yangilanishlar jarayoni, xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, inson huquqlarini ta’minlash, oshkoralik prinsipi asosida olib borilayotgan siyosat, so‘z va matbuot erkinligi masalalari kabi mavzularda so‘z yuritdilar.

Jumladan, doktor Tomas Kunse hududlarda bu kabi tadbirlarni o‘tkazish davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalarni aholiga yetkazishda juda muhim hamda foydali ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlardan hayratda ekanligi, islohotlar bunday shiddat bilan sodir bo‘lishini hech kutmaganligini ta’kidlab, bir qator natijalarni bugunning o‘zida nafaqat shahar markazlarida, balki eng chekka tumanlarda ham kuzatish mumkinligi e’tirof etdi.

Tadbir davomida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi mutaxassislari tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida belgilangan tadbirlarning borishi bo‘yicha ma’lumot berildi hamda 2018 yil Davlat dasturi ijrosining birinchi yarim yilligi natijalari taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, bugungi kunga qadar 231 ta banddan iborat “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi 82 ta bandi ijrosi ta’minlandi. Bunda 25 ta O‘zbekiston Respublikasi qonuni, 205 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, 267 ta O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilinganligi haqida axborot berildi.

Bundan tashqari, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini fuqarolarga to‘g‘ri va o‘z vaqtida yetkazish hamda Davlat dasturining joylardagi ijrosi ustidan tizimli monitoring o‘tkazishni nazarda tutuvchi “Harakatlar strategiyasi: targ‘ibot va jamoatchilik nazorati” mavzusida master-klass va seminarlar o‘tkazildi.

Tadbir yakunlariga ko‘ra, joriy yilning avgust va sentyabr oylari davomida 2019 yil Davlat dasturi loyihasiga aholidan fikr va takliflar qabul qilish jarayonining boshlanishi munosabati bilan joylarda tashkillashtiriladigan uchrashuvlarda mazkur masalani yanada kengroq yetkazishga kelishib olindi.