“IJTIMOIY SOHADAGI INNOVATSIYALAR – JAMIYAT RIVOJINING MUHIM OMILI” XALQARO FORUMI
11.09.2018 | Ko`rilgan: 175

Joriy yilning 11-sentyabr kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Ijtimoiy sohadagi innovatsiyalar – jamiyat rivojining muhim omili” xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Unda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etib, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimida zamonaviy innovatsiyalarni tadbiq etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Forum ishi davomida Germaniyaning Tyuringiya federal yeri sobiq Bosh vaziri doktor Diter Altxaus maʼruza qildi.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Konrad Adenauer fondining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi. Forum ijtimoiy sohalarning muhim tarmoqlarini jadal innovatsion rivojlanishi masalalari, shuningdek, jahon ilm-fanining soʻnggi yutuqlari, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Muhokamalarda mutasaddi vazirlik va idoralar, NNT va jamoat tashkilotlari vakillari bilan bir qatorda Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Germaniya kabi rivojlangan davlatlarning yetakchi xorijiy ekspertlari ishtirok etdi. Soha mutaxassislari oʻz maʼruzalarida fan, taʼlim, jamoat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash kabi sohalarda innovatsiyalarni keng joriy etish orqali yuqori natijalarga erishish imkoniyatlari, ushbu yoʻnalishda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan xorij tajribalarini muhokama qildilar.

Jumladan, “Magna International” kompaniyasining Yevropa boʻlinmasi vitse-prezidenti, Germaniyaning Tyuringiya federal yeri sobiq Bosh vaziri doktor Diter Altxaus Germaniyaning innovatsion va iqtisodiy rivojlanish jarayonlari haqida taqdimot oʻtkazdi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida nazarda tutilgan qator tadbirlarning amalga oshirilishining borishi haqida maʼlumot berildi. Xususan, xorijiy ekspertlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining 2021 yilga qadar rivojlanish strategiyasi taqdimoti oʻtkazildi.