“TARAQQIYOT STRATЕGIYASI” MARKAZI MAʼMURIY HUQUQ SOHASIDA YAPONIYA MUTAXASSISLARI BILAN HAMKORLIKNI YOʻLGA QOʻYDI
28.09.2018 | Ko`rilgan: 399

Kuni kecha “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Yaponiya Adliya vazirligi hamda Nagoya universiteti vakillaridan iborat Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi Tadqiqotlar va malaka oshirish institutining xalqaro aloqalar departamenti direktori Morinaga Taro, Nagoya universiteti professori Itixashi Katsuya boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov kutib oldi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi, xususan, sud-huquq sohasidagi islohotlar natijalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ishtirokida Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtgan qator uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini koʻrib chiqdilar.

Muzokaralar natijasiga koʻra, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi Tadqiqotlar va malaka oshirish institutining xalqaro aloqalar departamenti hamda Nagoya universiteti bilan hamkorlikda sud prokuraturasi, maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi doirasida koʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda maʼmuriy huquq sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Jumladan, soha mutaxassislarini malakasini oshirishga qaratilgan oʻquv-kurslari, seminar va “davra suhbatlarini” tashkil etish, qisqa muddatli dasturlarda ishtirok etish mumkin boʻladi.