]
Toshkentda “Inson huquqlari va o‘zaro hamkorlik” fuqarolik forumi bo‘lib o‘tdi
11.05.2017 | Ko`rilgan: 190

2017-yilning 10-may kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida “Inson huquqlari va o‘zaro hamkorlik” mavzuida fuqarolik forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husaynning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi. Unda yurtimizda faoliyat olib borayotgan 50 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.

Fuqarolik forumini o‘tkazishdan maqsad inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan boshqa oliy qadriyatlarni himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan fikr almashish, yangi takliflar ishlab chiqish uchun imkoniyat yaratishdan iborat.

Tadbirda O‘zbekiston ekologik harakati, Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi, “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi, Demokratiya va inson huquqlari instituti, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi kabi yurtimizda faoliyat olib borayotgan qator tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda bugungi kunda O‘zbekistonda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va o‘rnini e'tirof etilishi bilan bir qatorda, ularning faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Forumda Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosida NNTning ishtiroki, inson huquq hamda manfaatlarini himoya qilish yo‘lida korrupsiyaga qarshi kurashish, BMTning nogironlar huquqlarini himoya qilish Konvensiyasini ratifikatsiya qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlari tashabbusi kabi qator masalalarga e'tibor qaratildi.

Qayd etish joiz, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining muhim masalalarini muhokama qilishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb etish kabi qator vazifalar belgilangan. Forumda ishtirokchilar tomonidan mazkur islohotlarni yanada samarali amalga oshirishga qaratilgan takliflar ham bildirildi.

Tadbirda shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan fuqarolik jamiyati institutlarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi bilan o‘zaro hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur forum O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.