]
Koreya Respublikasida Harakatlar strategiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
19.05.2017 | Ko`rilgan: 179

Shu yilning 12-19 may kunlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori tarkibidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Kukmin va Xanyang universitetlari professorlari, qator ekspertlar hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqasi Ilmiy-tadqiqot markazi vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda asosiy e'tibor 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga qaratildi.

Seul va Pxenchxan shaharlarida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi haqida batafsil ma'lumot berildi. Mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va 2017 yilda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish, sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada mustahkamlash, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga oid Davlat siyosatini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Tashrif doirasida Xanyang universitetida Osiyo va Tinch okeani mintaqasi Ilmiy-tadqiqot markazi vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar natijasida davlat boshqaruvi organlari faoliyati yanada takomillashib borayotgani, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning samarali mexanizimi yo‘lga qo‘yilganligi, davlat rahbarining Halq qabulxonalari tashkil etilganligi, shuningdek, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, sud tizimi va ichki ishlar organlari faoliyatini yanada isloh qilishga qaratilgan qator ishlar olib borilayotganligi alohida ta'kidlandi.

Taqdim etilgan ma'lumotlar soha mutaxassislari va ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi Ilmiy-tadqiqot markazi direktori janob Om Gu Xo O‘zbekistonda demokratik institutlar va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini oshirishga qaratilgan tizimning yo‘lga qo‘yilganligi hamda demokratik islohotlarning yana bir natijasi sifatida nodavlat notijorat tashkilot maqomidagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining tashkil etilganligiga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, u “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan Harakatlar strategiyasi doirasida hamkorlikda tahliliy va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, delegatsiya a'zolari tashrif doirasida Koreya Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi bilan ham uchrashdilar. Unda O‘zbekistonda kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni amaliyotga samarali tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar mazkur yo‘nalish bo‘yicha yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida, O‘zbekiston va Koreya Respublikalari soha mutaxassislari va ekspertlari o‘rtasida doimiy ravishda tajriba almashishga qaratilgan seminar va yana boshqa tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Tashrif so‘ngida, tomonlar Harakatlar strategiyasi doirasida yaqin hamkorlik aloqalarini davom ettirishga hamda shu yilning sentyabr oyida O‘zbekiston va Koreya Respublikasining tadqiqot, tahlil va akademik doira vakillari ishtirokida Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Forum o‘tkazishga kelishib olindi. Hamkorlik doirasida qator ilmiy-tahliy tadbirlar o‘tkazish, malakali ekspertlarni jalb qilish va turli yo‘nalishlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish maqsad etib belgilab olindi.