]
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi “Harakatdagi yoshlar” forumida ishtirok etdi
19.05.2017 | Ko`rilgan: 515

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi xodimlari 19-may kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilayotgan “Harakatdagi yoshlar” I Respublika Yoshlar forumida ishtirok etdilar. Unda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining taqdimoti o‘tkazildi.

Markaz xodimlari va loyiha rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan taqdimotlarda 120dan ziyod yoshlar guruhlarga bo‘lingan holda ishtirok etdilar. Kun davomida forum qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, beshta ustuvor yo‘nalishlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlar hamda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldilar. Qatnashchilarga “Taraqqiyot strategiyasi” markazining maqsad va vazifalari, yoshlar ishtirokidagi loyihalar to‘g‘risida va yana boshqa ko‘plab axborot berildi.

Forum qatnashchilari, endilikda, joylarda yoshlar o‘rtasida 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining targ‘ibot ishlarini olib borishlari ko‘zda tutilgan.