LONDON SHAHRIDA O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYASI QABUL QILINGANINING 25 YILLIGI NISHONLANDI
12.12.2017 | Ko`rilgan: 976

2017-yilning 11-dekabr kuni London shahrida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda Buyuk Britaniyaning nufuzli muassasalarida faoliyat olib borayotgan O'zbekiston fuqarolari, Britaniya-O'zbekiston jamiyati a'zolari, yurtimiz ravnaqiga befarq bo'lmagan britaniyaliklar, turli siyosiy va ishbilarmon doira vakillari qatnashdi.


Tadbir avvalida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o'rinbosari S.Safoev, Britaniya-O'zbekiston jamiyati raisi doktor Sh.Akiner, O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi A.Shayxov, “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi ijrochi direktori A.Burxanov, London kollej universiteti arxeologi Tim Uilyamslar so'zga chikib, yurt tinchligining ta'minlanishida, O'zbekistonning xalqaro maydondagi obro'-e'tibori yuksalishida hamda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida mamlakat konstitutsiyasi mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilayotganini ta'kidladilar.


Shuningdek, joriy yilning fevral oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining 2017-yil uchun mo'ljallangan birinchi bosqichi bejizga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanmagani, ushbu Dasturning har bir yo'nalishi avvalo xalq manfaatidan kelib chiqib ishlab chiqilganligi ta'kidlab o'tildi.


Tadbir davomida mehmonlar bugungi kunda yurtimiz tarixi va madaniyatini o'rganayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda tadqiqotlar olib borayotgan britaniyalik professorlar, turli qo'shma loyihalarda ishtirok etayotgan mutaxassislar tomonidan 2017-yil davomida O'zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar, yaqin ko'shnilar bilan hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko'tarilganligi, davlat idoralarining ochiqlini ta'minlash bo'yicha qo'lga kiritilgan yutuqlarni e'tirof etdilar.