2018-YILNING YANVARIDA DAVLAT DASTURI LOYIHASI MUHOKAMA QILINADI
29.12.2017 | Ko`rilgan: 1344

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni "Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yilida 2017 — 2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoyishni imzoladi.

Ushbu hujjatga ko'ra, Davlat dasturi loyihasi 2018-yilning 5-yanvaridan boshlab keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Jamoatchilik muhokamalari natijalari tahlili va kelib tushgan takliflar asosida 20-yanvardan Dastur loyihasi takomillashtiriladi.
Hujjat bilan Prezidentning davlat maslahatchisi Otabek Murodov boshchiligida dastur loyihasini tayyorlash bo'yicha ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu guruhga jamoatchilik, milliy va xalqaro ekspertlar fikri, shuningdek o'tkazilgan anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlari natijalarini o'rganish, 2017-yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yo'l qo'yilgan kamchilik va xatolarni tanqidiy o'rganish vazifasi topshirildi. Ishchi guruh tarkibiga, shuningdek "Taraqqiyot strategiyasi" markazi Ijrochi direktori A. Burxanov ham kiritilgan.

Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalar yili Davlat dasturi jamoatchilik muhokamasidan so'ng qabul qilinadi. 2018-yilgi Davlat dasturida Prezidentning 22-dekabrda Oliy Majlisga murojaatnomasida tilga olingan masalalarning aks ettirilishi kutilmoqda.