]
Osiyo Taraqqiyot Banki qishloq joylarida yangi uy-joylar qurilishi uchun 500 million dollarlik kredit ajratadi
02.06.2017 | Ko`rilgan: 216

Osiyo taraqqiyot banki qishloq hududlarida 29 ming ta yangi uy-joylar qurish uchun 500 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratdi. 2017 yil davomida 15 000 ta uy-joylar va kvartiralar qurilib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda. Natijada 60-66 ming nafar qishloq aholisi zamonaviy uylarga ega bo`lishadi. Shuningdek, ushbu loyiha doirasida muhandislik-kommunikasiya, ijtimoiy va savdo infratuzilmalari hamda arzon uy-joylar bunyod etilishi ham rejalashtirilgan.

Ushbu kredit mablag`lari qishloq aholisini arzon uy-joylar bilan ta`minlash Davat dasturi doirasida Respublikamizning 9 ta viloyatida 29 mingdan ziyod yangi tipdagi arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirish uchun yo`naltiriladi.

Osiyo taraqqiyot banki ma`lumotiga ko`ra kredit mablag`lari O`zbekistonning uchta yetakchi banklari – Ipoteka bank, Milliy bank va Qishloq qurilish banki tomonidan qayta moliyalashtiriladi, shu bilan birga loyihada Qishloq Qurilish Invest injiniring kompaniyasi ham ishtirok etishi kutilmoqda. Loyihaning hayotga tadbiq etilish muddati besh yil etib belgilangan.

OTB mutaxassislari fikriga ko`ra, qishloqlarda arzon uylar qurilishiga investitsiya kiritish joylarda bandlikni ta`minlashga ham o`z ta`sirini ko`rsatadi. Ushbu davr mobaynida 200 mingdan ziyod yangi ish o`rni yaratilib, mahalliy aholi ish bilan ta`minlanishi ko`zda tutilgan.

Eslatib o`tamiz, 2017-2021-yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta asosiy yo`nalishiga oid Harakatlar strategiyasi doirasida hududlarda 15000dan ortiq ana shunday namunaviy loyihadagi arzon uy-joylar qurilishi belgilab qo`yilgan edi.