SUD ZALLARIDA AUDIO VA VIDEO YOZUV MOSLAMALARI TIZIMINI JORIY ETISH LOYIHASI MUHOKAMA QILINDI
06.02.2018 | Ko`rilgan: 601

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O'zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni asosida sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni yanada kengaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan axborot tizimlari va resurslarini yanada takomillashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

Shu munosabat bilan, 2018-yilning 6-fevral kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Huawei” kompaniyasining Toshkentdagi ofisi hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti vakillari ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda tomonlar O'zbekistondagi tuman, viloyat va respublika sud zallari moddiy-texnika bazasini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlikdagi loyihaning asosiy yo'nalishlari muhokama qilindi.

Xususan, loyihaning birinchi bosqichida 365 ta sud zallari, ikkinchi bosqichda esa mavjud barcha 572 ta sud zallarini audio-video yozuv moslamalari tizimi bilan jihozlash, jumladan sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Mazkur tizim “Huawei” kompaniyasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi hamda Polsha davlatlarida muvaffaqiyatli tadbiq etilgan bo'lib, uchrashuv davomida tomonlar ushbu tajribani O'zbekistonda qo'llash masalasini ko'rib chiqdilar. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti vakillari loyihaning barcha masalalarini chuqur tahlil qilishga va uni amalga oshirish uchun lozim bo'lgan barcha imkoniyatlarni o'rganib chiqishga kelishib oldilar.