“HUAWEI” KOMPANIYASINING MARKAZIY OSIYO VA KAVKAZ DAVLATLARI BO'YICHA VITSE-PREZIDENTI MARKO XU BILAN UCHRASHUV
08.02.2018 | Ko`rilgan: 829

7-fevral kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A. Burxanov va “Huawei” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo'yicha vitse-prezidenti Marko Xu bilan uchrashdi.

Xitoy kompaniyasining Toshkentdagi ofisi vakillari tashabbusi bilan o'tkazilgan uchrashuvda O'zbekistonda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” davlat dasturi doirasida amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar, jamiyat hayotida, xususan, Harakatlar strategiyasining ijtimoiy sohani rivojlantirish yo'nalishida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirishda zamonaviy axborot texnologiyalarni faol jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Markaz vakillari tomonidan 2018-yilda O'zbekistonda hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini tashkil etish bo'yicha “Aqlli shahar”, “Aqlli mahalla”, “Aqlli uy” va “Aqlli hokimiyat” tizimlarini joriy etish rejalashtirilganligi haqida ma'lumot berildi.

Uchrashuv davomida “Huawei” kompaniyasi vakillari Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahrida muvaffaqiyatli tadbiq etilgan “Aqlli shahar” va “Aqlli tibbiyot” loyihalari taqdimotini o'tkazib, O'zbekistonda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” davlat dasturida AKT sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdilar.

Jumladan, mamlakatda joriy qilingan zamonaviy texnologiyalarni namoyish qilishga va tajriba almashish uchun viloyat xokimlaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasining XXRga tashrifini tashkillashtirishga tayyor ekanligini bildirdilar. Tashrif doirasida shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo'jaligi, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalari mutaxassislari bilan uchrashuvlar o'tkazilishi nazarda tutilganligi aytib o'tildi.