BMT VA BMT TARAQQIYOT DASTURINING O'ZBEKISTONDAGI VAKILI XELENA FREYZER BOSHCHILIGIDAGI DELEGATSIYA BILAN UCHRASHUV
16.02.2018 | Ko`rilgan: 386

16-fevral kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O'zbekistondagi BMT Vakilligi delegatsiyasi a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbir avvalida Markaz ijrochi direktori Akmal Burxanov mehmonlarga TSM faoliyatining asosiy yo'nalishlari haqida ma'lumot berib, 2017 yilda xalqaro tashkilotlar bilan yo'lga qo'yilgan aloqalar va hayotga tadbiq etilgan loyihalar haqida to'xtalib o'tdi.

Jumladan, Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida O'zbekistonda Ma'muriy islohotlar kontseptsiyasining qabul qilinganligi va ushbu hujjat loyihasini ishlab chiqishda BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari bilan yaqindan hamkorlik qilingani alohida ta'kidlandi. Shuningdek, uchrashuv davomida Markaz vakillari tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili”da rejalashtirilgan islohotlarni amalga oshirishda ham xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikning muhimligi aytib o'tildi. Vazirlik va idoralar o'zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishlarida xorijiy tajribani o'rganishga alohida e'tibor qaratishlari bildirildi.

O'z navbatida, Xelena Freyzer O'zbekistonda Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi, xususan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan hayotga tadbiq etilayotgan loyihalarning dolzarb ekanligini bildirdi. 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining maqsadlari BMT tomonidan 2030-yilga qadar qabul qilingan Barqaror rivojlanish dasturi bilan uyg'un ekanligi va bu ikki tashkilot o'rtasidagi hamkorlikning yanada samarali bo'lishiga xizmat qilishini ta'kidladi.

BMT va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakili Xelena Freyzer “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikni joriy yilda ham davom ettirib, yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini aytib o'tdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida ham hamkorlikni davom ettirishga hamda ikki tomonlama memorandumni imzolashga kelishib oldilar.