XALQARO MEHNAT TASHKILOTI VAKILLARI BILAN HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI
19.02.2018 | Ko`rilgan: 297

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Xalqaro Mehnat tashkilotining O'zbekistondagi loyihasi bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrup bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv davomida xalqaro tashkilot vakillari O'zbekistonda tadbiq etilayotgan loyihalar haqida ma'lumot berib, Markaz bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo'lgan qo'shma loyihalarni muhokama qildilar.

Shuningdek, Markaz vakillari 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasining bajarilishi, shu jumladan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma'lumot berdilar.

Tomonlar yurtimizda mehnat munosabatlarini tartibga solishda O'zbekiston Respublikasi imzolagan xalqaro shartnomalar xamda Xalqaro mehnat tashkilotining O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyalari muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlab, mehnat bozori, ichki va tashqi migratsiya sohasida tadqiqotlar olib borish, sohada olib borilayotgan ishlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish bo'yicha jurnalistlar uchun maxsus treninglar o'tkazish, shuningdek, o'zaro hamkorlikda anjumanlar tashkil etishga kelishib oldilar.

Bugungi kunda Xalqaro mehnat tashkilotiga jahonning 187 mamlakati a'zo bo'lgan. O'zbekiston 1992 yildan ushbu tashkilotning teng huquqli a'zosi hisoblanadi.