TA'LIM VA SOG'LIQNI SAQLASH SOHALARIDA DAVLAT XIZMATLARI SIFATINI YAXSHILASH BO'YICHA SEMINAR
02.03.2018 | Ko`rilgan: 528

2018-yilning 2-mart kuni “Taraqqiyot strategiyasi” makazida “Ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida davlat xizmatlari sifatini yaxshilashda fuqarolarning ishtirokini oshirish” mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Tadbir Jahon banki bilan hamkorlikda “Davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolar ishtirokini ta'minlash” loyihasi doirasida tashkil etilib, unda O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Xalq qabulxonalari vakillari ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida o'tkazilmoqda. Xususan, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik olib borishlari hamda barcha davlat idoralarida jamoatchilik kengashlarini tashkil etishga kabi bir qator islohotlarni hayotga tadbiq etishga xizmat qiladi.

2017-yil 22-dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida bildirilgan asosiy g'oya va takliflarni o'z vaqtida va sifatli amalga oshirishning muhimligini inobatga olgan holda, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Jahon banki ko'magida 20dan ortiq mutasaddi vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilish orqali davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolar ishtirokini yanada oshirishga qaratilgan qator seminarlar o'tkazmoqda.

Seminarlar yakuniga ko'ra, Davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolar ishtirokini ta'minlash bo'yicha Milliy dastur qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:

  •  Fuqarolarni davlat xizmatlarining ko'rsatilishi bo'yicha axborot olish imkonini oshirish;
  • Qaror qabul qilishda fuqarolar ishtirokini ta'minlash va ularning fikrlarini inobatga olish;
  • Davlat xizmatlari ko'rsatilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringining samarali mexanizmlarini yaratish;
  • Fuqarolar va hukumat o'rtasida muloqotni yanada rivojlantirish.