TSM VAKILLARI “YANGI ASRDA SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTINING YANGI RIVOJI” XALQARO FORUMIDA ISHTIROK ETDILAR
26.03.2018 | Ko`rilgan: 253

26-mart kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida “Yangi asrda Shanxay hamkorlik tashkilotining yangi rivoji” mavzusida xalqaro forum bo'lib o'tdi. Unda 60dan ortiq tahliliy markaz vakillari qatorida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burxanov ishtirok etdi hamda O'zbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida o'tgan vaqt davomida amalga oshirilgan muhim islohotlar haqida nutq so'zladi.

Tadbir Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etilib, uning doirasida iqtisodiy rivojlanish va o'zaro manfaatli hamkorlik, hududiy barqarorlik va xavfsizlik, ko'p tomonlama hamkorlikni modellashtirish va innovatsiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda O'zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi yaqin hamkorlik, do'stlik va qo'shnichilik aloqalari ijobiy tomonga sezilarli o'zgarib, yangi bosqichga ko'tarilayotganligi alohida ta'kidlandi. Xususan, mutaxassislar tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yaqin ko'shnilar bilan chegara postlarining ochilishi va viza rejimining bekor qilinishi Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati uchun ijobiy natija ekanligi aytib o'tildi.

Mintaqadagi holat muhokamasi davomida, shuningdek, Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, uning izchil rivojlanishi uchun sharoit yaratish maqsadida shu kunlarda Toshkent shahrida bo'lib o'tayotgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” xalqaro konferensiyasining muhimligi haqida so'z yuritildi. Toshkent konferensiyasi oldida turgan yuksak maqsadlar, uning ishida ShHTga a'zo davlatlar va Afg'onistonga qo'shni mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning beshta mamlakati ishtirok etishi butun dunyoda forum ishiga katta qiziqish uyg'otganligini bildirdilar.

Tashrif yakunlariga ko'ra, xalqaro forum doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Rashid Alimov bilan uchrashdi. Shuningdek, Xitoyning “Bir kamar, bir yo'l” markazi, Shixuan universiteti, XXR davlat kengashi tadqiqot markazi qoshidagi Osiyo va Yevropa ijtimoiy taraqqiyot instituti, Osiyo olimlari assotsiatsiyasi kabi qator tashkilotlar vakillari bilan o'zaro yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Shanxay hamkorlik tashkiloti “aql markaz”larining navbatdagi uchrashuvi Xitoyning Sindao shahrida shu yilning iyun oyida bo'lib o'tadigan ShHT davlat rahbarlari kengashi sammiti oldidan Shandun provintsiyasida o'tkaziladi.