AFG'ONISTON BO'YICHA TOSHKENT KONFERENSIYASIGA DOIR
26.03.2018 | Ko`rilgan: 257

Mamlakatimiz aholisining barcha milliy manfaatlarini o'zida aks ettirgan 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi o'tgan bir yildayoq qator amaliy islohotlarga zamin yaratdi. Shu jumladan, tashqi siyosiy faoliyat borasida ham.

Umuman olganda, tashqi siyosat Prezident Shavkat Mirziyoev faoliyatining birinchi oylaridayoq nihoyatda yorqin, natijador yo'nalishiga aylandi. O'tgan qisqa davrda qo'shni davlatlar bilan nafaqat yangi istiqbolli iqtisodiy shartnomalar, va balki yillar davomida o'z echimini kutgan qator mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar ham hal etila boshlanganligi bugungi kunimizning yaqqol voqeligidir.

Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishiga yo'naltirilgan bu yilgi Davlat dasturida ham qator tashqi siyosiy va shu jumladan, O'zbekistonning xalqaro tashabbuslarini nazarda tutuvchi vazifalar o'z o'rnini topgan. Bular qatorida, qo'shni davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlarining afg'on mojarosini hal etishga va Afg'oniston Islom Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish va qayta tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kabilardir.

Xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyoni xavfli mintaqa sifatida emas, strategik, shu jumladan, iqtisodiy imkoniyatlar mintaqasidek qayd etishi ushbu mintaqa barcha ishtirokchilarining manfaatidadir. Shu o'rinda, O'zbekiston tashqi ishlar vaziri A.Komilov ta'kidlaganidek, Afg'onistonda tinchlikni o'rnatish kengmiqyosli Yevroosiyo mintaqasiga sezilarli foyda keltiradi – avtomobil va temir yo'llarining qurilishidan tortib, quvurlarni o'tkazish, barcha yo'nalishlarda mintaqaviy va transmintaqaviy savdosining rivojlanishini rag'batlantirilishiga olib keladi. Buning uchun esa, dastavval, Afg'onistonda tinchlik va xavfsizlikni o'rnatishning asosiy masalalari yuzasidan keng xalqaro konsensusga erishish zarur.

Ertaga o'z ishini boshlaydigan Afg'oniston bo'yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” Toshkent konferentsiyasi ayni shu maqsadni ko'zlaydi, va u Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning 2017 yil 19-sentyabr kuni bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida BMT tarixida ilk bor “Afg'onistonda tinchlikka erishishning yagona yo'li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o'rtasida oldindan hech qanday shart qo'ymasdan, to'g'ridan-to'g'ri muloqot olib borishdir” deya xalqaro hamjamiyatga qarata aytgan murojaatining amaliy timsolidir.

Qolaversa, konferensiya shu kunga qadar “afg'on muammosi” yuzasidan o'tgan yil davomida o'tkazilgan “Qobul jarayoni” nomli yig'ilishlarning mantiqiy davomidir.

Toshkent konferensiyasi esa turli darajadagi xalqaro intilishlarning natijalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunda, xususan, Afg'oniston markaziy hukumati hamda qurollangan muxolifat kuchlari o'rtasidagi muzokaralarning o'tkazilish mexanizmini va, umuman olganda, Afg'onistondagi vaziyatni tinchlik yo'li bilan hal qilishning tamoyillarini ishlab chiqish kabi strategik maqsadlar ko'zda tutilgan.

Konferensiya yakunlari bo'yicha Toshkent deklaratsiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.