"TARAQQIYOT STRATEGIYASI" MARKAZIDA MILLIY HUQUQ USTUVORLIGI INDEKSI TAQDIMOTI O'TKAZILDI
29.03.2018 | Ko`rilgan: 113

2018-yilning 29-mart kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O'zbekistonda huquq ustuvorligini mustahkamlash va davlat boshqaruvini takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar natijalariga bag'ishlangan “davra suhbati” bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Advokatlar palatasi, Moliya vazirligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Adliya vazirligi huzuridagi yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent Davlat yuridik universiteti vakillari va boshqalar ishtirok etdi. Shuningdek, tadbir ishida loyihaning xalqaro eksperti Ivan Abrams (AQSh) videokonferensaloqa rejimida qatnashdi.

«O'zbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini mustahkamlash» loyihasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi O'zbekistonda sud-huquq tizimi miqdoriy va sifat ko'rsatkichlarini o'rganish va uni yanada takomillashtirish uchun boshqaruv echimlarini ishlab chiqishga qaratilgan huquq ustuvorligi indeksini aniqlash metodologiyasi ishlab chiqish hisoblanadi.

Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasi sud tizimining ochiqligini baholash bo'yicha ishlab chiqilgan metodologiya taqdimoti o'tkazildi. Shuningdek, turli indeks modellari, jumladan butunjahon Adliya loyihasi uslublari namunasi, Tilburg universiteti, Evropa Kengashi va Jahon bankining huquq ustuvorligini baholash metodikasi haqida ma'lumot berildi.

Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi ko'magida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O'zbekistonda Milliy huquq ustuvorligi indeksi ishlab chiqilib, aholi va ekspertlar hamjamiyatining sudlarda sud jarayonlarining shaffofligi va oshkoraligi, shuningdek uning jamoatchilik uchun ochiq bo'lishiga xizmat qiladi. Huquq ustuvorligi darajasi aholi va sud tizimi ekspertlari o'rtasida davriy ravishda o'tkaziladigan ijtimoiy so'rovlar o'tkazish yo'li bilan aniqlanadi.