HINDISTON RESPUBLIKASIDA IJTIMOIY-SIYOSIY VA BIZNES DOIRA VAKILLARI ISHTIROKIDA “DAVRA SUHBATI” VA TAQDIMOTLAR O'TKAZILISHI REJALASHTIRILMOQDA
30.03.2018 | Ko`rilgan: 409

Hindiston Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Markaz ijrochi direktori Akmal Burxanov va Hindiston Respublikasining O'zbekistondagi Favqulotda va muxtor elchisi janob Vinod Kumar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar bugungi kunda O'zbekistonda 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalish bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi haqida fikr almashdilar. Jumladan, yaqin qo'shni davlatlar bilan aloqalarning yangi – do'stona bosqichga ko'tarilganligi, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga yo'naltirilgan siyosatning natijalari alohida ta'kidlandi.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyi oxirida ijtimoiy-siyosiy va biznes doira vakillari ishtirokida Hindiston Respublikasida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan “davra suhbati” va brifinglarni sifatli tashkil etish bo'yicha tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

O'zbekiston vakillarining tashrifi doirasida ilmiy-tadqiqot institutlari hamkorlik aloqalarining o'rnatilishi, O'zbekistonning turistik va investitsion salohiyatini oshirishga qaratilgan taqdimotlar o'tkazish belgilangan.

Muzokaralar so'ngida tomonlar Harakatlar strategiyasining ustuvor yo'nalishlari bo'yicha hamkorlikdagi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.