TSM XITOY XALQ RESPUBLIKASI "AQL MARKAZLARI" BILAN HAMKORLIKNI YO'LGA QO'YMOQDA
02.04.2018 | Ko`rilgan: 667

Shu kunlarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va «Huawei» kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo'yicha ofisi hamkorligida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati hokimiyati hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillarining XXRga amaliy tashrifi bo'lib o'tmoqda.

Tashrifning birinchi kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov Shanxay do'stlik assotsiatsiyasi direktori Xue Bin hamda Shanxay shahri Tashqi ishlar bo'limi vakillari bilan uchrashdi. Mezbonlar bugungi kunda O'zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlarni yuqori baholab, mamlakatda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatayotganliklarini bildirdilar. Shu bois, muzokaralar yakunlariga ko'ra, tomonlar o'z faoliyatlaridan kelib chiqib, qator qo'shma loyihalar ustida ishlashga tayyorliklarini va kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini o'rganib chiqishga kelishib oldilar.

Shu kunning o'zida, Markaz vakillari Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi Bosh kotibi-Ijrochi direktori janob Li Ixay bilan uchrashdilar. Uchrashuvda XXR vakillari bugungi kunda ikki davlat o'rtasida yaqin hamkorlik aloqalarining mustahkamlanayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Mezbonlar oliy darajada yo'lga qo'yilgan do'stlik aloqalarini qo'llab-quvvatlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillarini “aql markazlari” mutaxassislari uchun o'tkaziladigan o'quv kurslarida ishtirok etish uchun taklif etdilar. Shuningdek, tomonlar hamkorlikning kelgusi bosqichlarini muhokama qilish uchun shu yilning may oyida Toshkent shahrida uchrashishga va o'zaro hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldilar.

O'zbekiston delegasiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.