]
O‘zbekiston yoshlari Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda faol ishtirok etish bo‘yicha rezolyusiyaga imzo chekdilar
07.06.2017 | Ko`rilgan: 164

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida 35 ta oliy o‘quv yurtlarining iqtidorli talabalari va tashabbuskor yigit-qizlar ishtirokida “Harakatlar strategiyasi: Yoshlar taraqqiyot tarafdori” mavzusidagi Yoshlar forumi o‘tkazildi.

Forumni o‘tkazish tashabbusi faol yoshlar tomonidan bildirilib, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini yurtimiz yoshlari o‘rtasida kengroq targ‘ib qilish, Davlat dasturi ijrosida ularning ishtirokini yanada oshirish hamda yangi g‘oya va takliflarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Muhokamalar davomida Harakatlar strategiyasi qabul qilingan 7-fevral sanasini har yili keng nishonlash, Harakatlar strategiyasining umumiy madhiyasini yaratish, aholini tashvishlantirayotgan masalalarni o‘rganishga qaratilgan mustaqil yoshlar guruhini tashkil etish, Harakatlar strategiyasini targ‘ib qilish maqsadida turli kanselyariya va promo-mahsulotlar tayyorlash, yoshlar o‘rtasida turli ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarni yoritish uchun milliy internet bloggerlar guruhini tashkil etish, Davlat dasturining ijrosi monitoringini kuzatib borish uchun onlayn-tabloni yaratish, Harakatlar strategiyasini brend sifatida ilgari surish uchun maxsus guruhlar ochish va yana boshqa ko‘plab takliflar yoshlar tomonidan bildirildi.

Tadbir yakunida yoshlar forum davomida bildirilgan barcha taklif va loyihalarni umumlashtiruvchi hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda faol ishtirok etish bo‘yicha o‘zlari ishlab chiqqan rezolyusiyaga imzo chekdilar.