"JAMOATCHILIK ISHONCHINI OSHIRISH MAQSADIDA SUD HOKIMIYATI MUSTAQILLIGINI QO'LLAB-QUVVATLASH"
11.04.2018 | Ko`rilgan: 294

11-aprel kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida sud-huquq sohasi mutaxassislari ishtirokida “Jamoatchilik ishonchini oshirish maqsadida sud hokimiyati mustaqilligini qo'llab-quvvatlash” mavzusi muhokamasiga bag'ishlangan “davra suhbati” bo'lib o'tdi.

Tadbir “Hududiy muloqot” xorijiy nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda o'tkazilib, unda AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen ishtirok etdi. Shuningdek, “davra suhbati” davomida xorijiy ekspertlar Minnisota okrugi (AQSh) bosh federal sudyasi Jon Tanxaym, advokat, muqaddam Massachusets shtati (AQSh) Oliy sudi sudyasi Robert Kordi va Zadar shahri (Xorvatiya) sudi sudyasi Davor Dubrovitsalar maxsus ma'ruzalar bilan qatnashdilar.

Muhokamalarda huquqni muhofaza qiluvchi vazirlik va idoralar hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etdi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, O'zbekiston advokatlar palatasi hamda Toshkent shahri va viloyati tuman, shahar sudlari sudyalari taklif etildi.

“Davra suhbati” davomida xorijiy va milliy ekspertlar tomonidan sudlarning OAV bilan konstruktiv munosabatlari, jamoatchilikni sud tomonidan qabul qilingan qarorlariga hurmat bilan yondashuvi, sud tizimining mustaqilligi va yaxlitligini ta'minlashga doir innovatsion strategiyalar kabi masalalar muhokama qilindi.

Qayd etish joiz, 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo'nalishida:

  • sudyalar mustaqilligini ta'minlash maqsadida sudyalar maqomining huquqiy asoslarini takomillashtirish (45-band);
  • tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergovning har tomonlama hamda xolisona yuritilishini, muayyan ishlar yuzasidan qarorlar qabul qilishda sudyaning chinakam mustaqilligini ta'minlashga qaratilgan qo'shimcha huquqiy choralar ishlab chiqish (46-band) kabi qator vazifalar nazarda tutilgan.