“BANKEXPO-2018” MOLIYA-BANK XIZMATLARI, USKUNALARI VA TEXNOLOGIYALARI MILLIY KO‘RGAZMASI ISH BOSHLADI
19.04.2018 | Ko`rilgan: 791

19-aprel kuni Toshkent shahridagi "O‘zko‘rgazmasavdo" markazida an’anaviy “BankExpo-2018” moliya-bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi ish boshladi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov ishtirok etib, Harakatlar strategiyasining muhim yo‘nalishlarida biri – iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishi doirasida bank-moliya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berdi. Jumladan, 2017-yil sentyabr oyida milliy valyuta erkin konvertatsiyasining joriy qilinganligi hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlar bugungi kunda ham davom etayotgani, shuningdek, tijorat banklari faoliyatida innovatsion texnologiyalarga asoslangan yangi xizmatlarning joriy etilayotganligi ta’kidlandi.

O‘zbekistondagi barcha yetakchi tijorat banklari, lizing kompaniyalari, sug‘urta tashkilotlari va bank-moliya sohasining boshqa vakillari ishtirok etayotgan milliy ko‘rgazmada o‘tgan vaqt davomida tizimda erishilgan yutuqlar, joriy etilgan innovatsion texnologiyalar va boshqa yangiliklar namoyish etilmoqda. Asosiysi, tijorat banklari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yanada oshgani hamda mijozlar uchun qator qulayliklarning kiritilganligini ko‘rish mumkin.

Bu yilgi “BankExpo-2018” moliya-bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ko‘rgazma joriy yilning 21-aprel kuniga qadar davom etadi.