]
«Yangi formatlar davri: Harakatlar strategiyasini samarali yoritish»
16.04.2017 | Ko`rilgan: 169

2017-yilning 15-aprel kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar muhokamalarini o‘tkazishga xizmat qiluvchi “Doimiy faoliyat yurituvchi ishchi maydon”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida, shuningdek, mahalliy OAV vakillari uchun “Yangi formatlar davri: Harakatlar strategiyasini samarali yoritish” mavzuidagi seminar tashkil etildi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini OAV vakillari hamda ular orqali keng jamoatchilik xabardorligini oshirishdan iborat bo‘ldi. Ta'kidlash joizki, mazkur seminar “Taraqqiyot strategiyasi” markazida o‘tkazilayotgan ilk tadbir hisoblanadi.

Tadbirga yurtimizdagi yetakchi davlat va nodavlat teleradiokompaniyalar jurnalistlari, internet saytlar vakillari hamda bosma nashrlar muxbirlari taklif etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarga bugungi kunga qadar Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan atroflicha ma'lumot berildi. O‘z navbatida, Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan Xalqaro press-klubning asosiy maqsad va vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Ishtirokchilar tadbir davomida yangiliklar tayyorlashda tahliliy ma'lumotlardan foydalanish bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi, shuningdek, tayyorlanayotgan media-mahsulotlar sifatini yanada oshirish hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va OAV o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.

Bugungi kunda Markaz bir qator OAV bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.  Xususan, O‘zEOAVMA bilan tuzilgan kelishuv doirasida, qator qo‘shma loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu kunning o‘zida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Xalqaro press-klub o‘rtasida Hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur hujjat asosida, tomonlar Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarni yoritishda o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdi.