]
«O’zbekiston 24»  teleradiokanali, Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Xalqaro press-klub o‘rtasida O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi
09.06.2017 | Ko`rilgan: 284

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-may kungi «O’zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanalini tashkil etish to‘g‘risidagi» PQ-2944-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash hamda Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirib borilishi to‘g‘risida aholini va xalqaro jamoatchilikni teleuzatishning zamonaviy usullaridan foydalangan holda keng xabardor qilish, ularning fikr-mulohazalarini yoritib borish va yana boshqa bir qancha yo‘nalishlardagi sa'y-harakatlarni birlashtirish maqsadida uch tomonlama Memorandum imzolandi.

Ushbu hujjatga asosan, «O’zbekiston 24»  teleradiokanali efirlarida O‘zbekistonning ichki va tashqi faoliyatiga oid muhim ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarga taalluqli axborotlar hamda axborot-tahliliy mahsulotlar tayyorlanadi. Shuningdek, turli dolzarb mavzularda muhokamalar, matbuot-anjumanlari, brifinglar, ijodiy va tematik kechalar, taqdimotlar, davra suhbatlari faol tashkil etiladi va zudlik bilan yoritilib boriladi.

Yangi tashkil etilayotgan teleradiokanal dasturi qatoridan Harakatlar strategiyasi nazarda tutilgan tadbirlarning ekspertlar hamda jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etilishiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, shuningdek, qonun, qonunosti va boshqa hujjatlar loyihalari yuzasidan keng jamoatchilikning taklif, fikr va mulohazalarini yoritishga qaratilgan tok-shoular joy olishi ko‘zda tutilgan.