SHANXAY IJTIMOIY FANLAR AKADEMIYASI BILAN O‘ZARO HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
14.05.2018 | Ko`rilgan: 243

2018-yilning 14-may kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi partiya qo'mitasi kotibi janob Yuy Sinxue boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi professorlari, ilmiy xodimlari, ekspertlari qatorida Chuxay kollejining “Bir makon bir yo‘l” tadqiqot markazi direktori Tomas Chan ham ishtirok etdi.


“Taraqqiyot strategiyasi” markazida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muloqot O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining shu yilning aprel oyida Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahriga amalga oshirgan tashrifining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Uchrashuv davomida Markaz ijrochi direktori A.Burxanov mamlakatimizda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida ijtimoiy-siyosiy sohalarda olib borilayotgan islohotlarda inson manfaatlarini himoya qilish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, taraqqiyotimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 


Shuningdek, tomonlar AQShning Pensilvaniya universiteti tomonidan 2016-2017-yillarda tashkil etilgan yangi “aql markazlari” top-50talik reytingidan joy olgan Chuxay kollejining “Bir makon bir yo‘l” tadqiqot markazi bilan ham kelgusida hayotga tadbiq etish mumkin bo‘lgan loyihalar, jumladan, Harakatlar strategiyasi doirasida ekspertlar o‘rtasida yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra tomonlar endilikda ilmiy tadqiqotlar olib boradilar, jumladan mahalliy ekspertlar o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatiladi. 

Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Xitoy va O‘zbekiston: “Bir makon bir yo‘l” tashabbusini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari” xalqaro anjumani doirasida tashkil etildi.