“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZI “RAISINA DIALOGUE” XALQARO ANJUMANIDA HAMDA “GLOBAL BOSHQARUV BO‘YICHA OSIYO FORUMI”DA ISHTIROK ETADI
22.05.2018 | Ko`rilgan: 704

O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida xorijiy hamjamiyatni xabardor qilish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Xalqaro munosabatlar axborot-tahliliy markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi 21-22-may kunlari Deli shahriga (Hindiston) tashrif buyurdi.

Tashrifning birinchi kuni delegatsiya a’zolari Hindiston hukumati vakillari, parlament a’zolari, yetakchi tadqiqot markazlari, institutlar va “aql markazlari” rahbarlari, xususan Tashqi ishlar vazirligi, Xalqaro masalalar bo‘yicha Hindiston kengashi, “Vivekananda” nomidagi xalqaro jamg‘arma,  Kuzatuvchilar tadqiqot jamg‘armasi (Observer Research Foundation) vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Muzokaralar davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov ishtirokchilarga O‘zbekistonda qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda uni 2018-yilda amalga oshirishga oid “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash” Davlat dasturi doirasida belgilangan hamda hayotga tadbiq etib kelinayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, shuningdek “Vivekananda” nomidagi xalqaro jamg‘arma tomonidan tashkil etilgan “davra suhbatida” ishtirok etdilar. Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha hindistonlik yetakchi ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda asosan bugungi kunda O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyati hamda tashabbuslari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim va yana ko‘plab boshqa sohalarda O'zbekiston - Hindiston hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi.

“Davra suhbati” davomida bildirilgan fikr va mulohazalar natijasi hamda tashkilotlar o‘rtasida yaqin aloqalarning yo‘lga qo‘yish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Vivekananda” xalqaro jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, tomonlar qo‘shma tadqiqot loyihalari, seminar va anjumanlar o‘tkazish, ilmiy maqolalar chop etish hamda ikki tomon ekspertlarining tajriba almashishiga qaratilgan qator tadbirlarni doimiy amalga oshiradilar.

Tashkil etilgan uchrashuv va samarali muzokaralar yakuniga ko‘ra qator kelishuv va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Osiyoning kuchli 5 ta “aql markazlari”dan biri hisoblanuvchi Kuzatuvchilar tadqiqot jamg‘armasi tomonidan har yili 60 dan ziyod ekspertlik hamjamiyatlari hamda davlat vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan “Raisina Dialogue” xalqaro anjumanida hamda “Global boshqaruv bo‘yicha Osiyo forumi”da (The Asian Forum on Global Governance) ishtirok etadi.

Bundan tashqari, Kuzatuvchilar tadqiqot jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti shu yilning avgustida Toshkent shahrida dunyoning 10 dan ziyod davlatlari ekspertlari ishtirokida kiberxavfsizlik sohasi bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazishga kelishib oldilar.