HINDISTON RESPUBLIKASIGA UYUSHTIRILGAN TASHRIF YAKUNLARI
26.05.2018 | Ko`rilgan: 423

Avval xabar berganimizdek, shu yilning 21-23-may kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi vakillaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish maqsadida Hindiston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari Dehli shahrida Hindiston Parlamenti, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari instituti (IDSA), Milliy xavfsizlik va mudofaa tadqiqotlari markazi (USI), Xalqaro masalalar bo‘yicha Hindiston kengashi, “Vivekananda” xalqaro jamg‘armasi, “Observer Research Foundation”, “India Foundation” “aql markazlari” hamda Javoharlal Neru universitetining Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini o‘rganish markazi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Uchrashuv va muzokaralar davomida O‘zbekiston vakillari 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, Afg‘onistondagi vaziyat va u yerda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha O‘zbekiston va Hindiston tomonidan olib borilayotgan sa’y-xarakatlar haqida fikr almashildi. 

Alok Bansal, “India Foundation” jamg‘armasi direktori: 

- “Bugungi uchrashuvda biz mintaqaviy xavfsizlik masalalari hamda transchegaraviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari xususida suhbatlashdik. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mazkur mamlakatning iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shish yo‘lida faollik ko‘rsatayotganini diqqatga sazovor. Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi mamlakatlarimizni bir-biriga bog‘lovchi transafg‘on koridorini ochgan bo‘lar edi. Bu esa o‘z navbatida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarimizni kengaytirishga xizmat qiladi”.

Tadbirlar yakuniga ko‘ra, tomonlar qator kelishuvlarga erishib, kelgusida yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan memorandumlar imzolandi. Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Hindistonning “Vivekananda” xalqaro jamg‘armasi, “Observer Research Foundation”, Mudofaa va xavfsizlik masalalari instituti va “India Foundation” tahliliy markazlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.


Arvin Gupta, “Vivekananda” xalqaro jamg‘arma direktori: 

- “O‘zbekiston delegatsiyasining “Vivekananda” xalqaro jamg‘armasiga tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz uchun muhim ahamiyatga ega turli ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro xarakterdagi masalalar hususida atroflicha fikr almashdik. Shuningdek, O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayoni haqida ma’lumotlar oldik. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro aloqalari yangicha mazmun kasb etib, mamlakatingizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi tobora oshib bormoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik aloqalari yanada chuqurlashib, turli muammoli masalalar konstruktiv yechimini topmoqda. Bunda O‘zbekistonning hissasi alohida ekanini qayd etish kerak”.

K.Variko, Javoharlal Neru universiteti Osiyo mamlakatlarini o‘rganish markazi professori: 

- “Markazimiz O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari ichki va tashqi siyosiy hayotida sodir bo‘layotgan jarayonlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Biz o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz. O‘zbekiston delegatsiyasining Dehliga tashrif buyurganidan va universitetimizda bo‘lib o‘tgan mazmunli uchrashuvdan juda mamnunmiz. Bunday uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazib turishimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilgan bo‘lamiz”.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi “Raisina Dialogue” xalqaro anjumanida hamda “Global boshqaruv bo‘yicha Osiyo forumi”da (The Asian Forum on Global Governance) ishtirok etish uchun taklif etildi. Shuningdek, 2018-yilning avgust oyida Toshkentda dunyoning 10 dan ziyod mamlakatlari mutaxassislari ishtirokida kiberxavfsizlik sohasi bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazishga kelishib olindi.

Tashrif dasturi doirasida yirik savdo-sanoat palatalaridan biri hisoblanuvchi “ASSOChAM” uyushmasida Hindistonning yetakchi kompaniya va korxonlari, ishbilarmon doira vakillari ishtirokida “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar O‘zbekistonda iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan keng imtiyoz va qulayliklar, erkin iqtisodiy hududlar, turizmni sohasidagi o‘zgarishlar haqida atroflicha ma’lumot oldilar.