50DAN ZIYOD XALQARO EKSPERTLAR ISHTIROKIDA DAVLAT VA JAMIYAT QURILISHI TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH YO‘NALISHIGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO ANJUMAN BO‘LIB O‘TDI
30.05.2018 | Ko`rilgan: 78

Mahalliy va xorijiy ekspertlar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar konsepsiyasi ijrosining dastlabki natijalarini muhokama qildilar.

30 may kuni Toshkent shahrida «Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishning zamonaviy bosqichidagi holati: Xalqaro ilg‘or amaliyot va O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning asosiy maqsadi ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tadbiq etishning dastlabki natijalarini umumlashtirish va ushbu sohadagi xorijiy tajribani o‘rganish, shuningdek, mahalliy va xalqaro jamoatchilikni O‘zbekistondagi ma’muriy islohotlarning bugungi holati va ustuvor yo‘nalishlari haqida xabardorligini oshirishdan iborat.

Anjumanda O‘zbekiston parlamenti va davlat organlari vakillari, xalqaro ekspertlar, jumladan Xitoy, Rossiya, Gruziya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Gretsiya, Moldova va boshqa qator mamlakatlar mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tadbir to‘rtta sessiyadan iborat bo‘lib, unda qator dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Jumladan:

“Davlat xizmatlari sifati va ochiqligini yanada oshirish” sessiyasida ishtirokchilar aholi va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini muhokama qildilar.

Xususan, bugungi kunda yurtimizda Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilayotgani, ular “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yganliklari aytib o‘tildi.

Sessiya davomida Gruziya va Ozarbayjon davlatlari vakillari jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ikkinchi sessiya professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirishga bag‘ishlandi. Ushbu sessiya doirasida “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun konsepsiyasi taqdim etildi.

O‘z navbatida, xalqaro ekspertlar xodimlarni ishga olish, ularning ish haqini to‘lash va munosib rag‘batlantirish, shuningdek ish pog‘onalaridan yuqoriga ko‘tarilishlari uchun samarali tizim yaratish muhimligini ta’kidladilar.

Keyingi sessiyada davlat boshqaruv tizimini optimallashtirish va modernizatsiyalash haqida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Unda 2018-2021 yillarda elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Strategiya doirasida “O‘zbekiston aqlli hukumati” loyihalari amalga oshirilishi, uning doirasida talab katta bo‘lgan elektron davlat xizmatlarini joriy etish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.

Yakuniy sessiyada davlat va jamoat boshqaruvi tizimida fuqarolar va hokimiyat organlarining o‘zaro hamkorligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Ishtirokchilar «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portali imkoniyatlari bilan tanishdilar. Fuqarolar portal yordamida parlament palatalari va mahalliy (viloyat, tuman va shahar) xalq deputatlari kengashiga murojaat yo‘llashlari, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar kiritishlari mumkin.

BMTTD mutaxassislari Danu Marin va Aynura Bekkoyenova hokimiyat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning muhimligi hamda ularning davlat va jamoat boshqaruvidagi ishtirokining yangi shakllari haqida so‘z yuritdilar.

Danu Marin o‘z nutqida davlat xizmatlarini takomillashtirish va xizmatlarining sifatini baholash, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda “Big Data” va “blokcheyn” texnologiyalaridan foydalanish ustunliklari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Anjuman yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ma’muriy va davlat boshqaruv tizimida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bosh prokuratura, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Buyuk Britaniya elchixonasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Konrad Adenauer Fondi tomonidan tashkil etildi.