]
Senatorlar jamoatchilik vakillari oldida axborot berdilar
15.06.2017 | Ko`rilgan: 155

2017-yil 15-iyun kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakatlar strategiyasini amalga oshirish borasidagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir davomida Senat qo‘mitalari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar Oliy kengashi, Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi adliya, sog‘liqni saqlash, tashqi ishlar, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, “yergeodezkadastr” Davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vakillari, jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Matbuot anjumani davomida Harakatlar strategiyasini amalga oshirilishda Oliy Majlis o‘ziga xos muhim o‘rin egallashi qayd etildi. Oliy Majlis Senatining yaqinda bo‘lib o‘tgan o‘ninchi yalpi majlisiga alohida e'tibor qaratildi. Unda 7 ta qonun ko‘rib chiqildi va ma'qullandi hamda bugungi kunda mamlakat Prezidenti tomonidan imzolandi. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida (80, 93, 108 va 109-moddalariga)”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi, “Sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta'minlash bo‘yicha tadqiqot markazi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani (Ashxobod,  2017-yil 6-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi bir tomondan, va yevropa Hamjamiyati hamda ularga a'zo-davlatlar ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilik ta'sis etuvchi Sherikchilik va Hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga ikki tomonlama to‘qimachilik Shartnomasining amal muddati tugaganini hisobga olib, Bitim qoidalarining to‘qimachilik mahsulotlarining ikki tomonlama savdosiga kengroq ko‘lamda qo‘llash maqsadida Bitimga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida Bayonnomani (Toshkent, 2011 yil 7 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha Xalqaro Agentlik ustavini (Bonn, 2009-yil 26-yanvar) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari ham ma'qullangan edi.

Matbuot anjumanida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov qo‘mita oldidagi maqsad va vazifalar yuzasidan chiqish qildi. Hisobot davomida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, turizmni rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash sohasidagi faoliyati bo‘yicha atroficha to‘xtaldi.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir Tadjiev tomonidan davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining ta'minotchi, xizmat ko‘rsatuvchi hamda boshqa tashkilotlar oldidagi qarzdorligini keltirib chiqaruvchi sabablar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzaevga parlament so‘rovi yuborish haqidagi axborot taqdim etilganligi ma'lum qilindi. 

Matbuot anjumani davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va taklif etilgan ekspertlar jurnalistlarning hamda vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillarining ko‘plab savollariga javob berdilar.  

Bunday matbuot anjumanlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bazasida muntazam o‘tkazib borilishiga kelishildi.