O‘ZBEKISTON TIBBIYOTINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH KONSEPSIYASINI TAYYORLASH DOIRASIDA XITOY TAJRIBASI O’RGANILMOQDA
06.08.2018 | Ko`rilgan: 596

O‘zbekiston tibbiyotini tubdan takomillashtirish konsepsiyasini tayyorlash doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Respublika urologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi 2018-yilning 28 iyul - 3-avgust kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrif sog‘liqni saqlash tizimida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, tadbiq etilgan yangi innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Dastur doirasida Pekin va Nankin shaharlarida qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari yetakchi tibbiyot muassasalari, dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar faoliyati bilan tanishdilar.
Mutaxassislar, xususan, Chuxonguansun tibbiyot buyumlar parki, Ilin aksiyadorlik jamiyati, Salomatlik ilmi ilmiy-tadqiqot instituti, Xitoy tabobati klinikasi, Xitoy shifoxonalari assotsiatsiyalarida bo‘lib, yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha qator muzokaralar o‘tkazdilar. Shuningdek, masofaviy onlayn tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi, dori vositalarini hamda turli xildagi tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganildi.

Ma’lumki, Xitoy Xalq Respublikasida tibbiy sug‘urta tizimi muvaffaqiyatli joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda mamlakat aholisining qariyb 95 foizi ushbu xizmat orqali o‘z salomatligini nazorat qilib boradi. Tashrif davomida mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar va sohaga tadbiq etilayotgan yangi innovatsion texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. 

O‘zbekiston delegatsiyasining XXRga tashrifi yakunlariga ko‘ra, 15 dan ziyod uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi, kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni nazarda tutuvchi 6 ta memorandum hamda 4 ta protokol imzolandi. Shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan sog‘liqni saqlash sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha Xitoyning ICBC tijorat banki bilan imtiyozli kreditlar jalb qilishga hamda qator farmatsevtika kompaniyalari bilan O‘zbekistonga substansiyalar yetkazib berishga kelishib olindi.