HUDUDLARDA MEHNAT MUNOSABATLARI MAVZUSINI XOLIS YORITISHGA QARATILGAN TRENINGLAR BO‘LIB O‘TMOQDA
09.08.2018 | Ko`rilgan: 269

Shu kunlarda respublikamiz hududlarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Mehnat huquqlari himoyasini xolis yoritish va axborotni o‘z vaqtida taqdim etish mexanizmlari” mavzusida treninglari bo‘lib o‘tmoqda. Unda hududlarda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat OAV hamda mahalliy hokimiyat, vazirlik va idoralarning joylardagi vakillari ishtirok etmoqda.

Treninglarni o‘tkazishdan maqsad majburiy va bolalar mehnati me’yorlari haqida batafsil ma’lumot berish, ushbu sohada yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish, mutasaddi vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari va OAV vakillari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish hisoblanadi.

Bu kabi tadbirlar bugungi kunga qadar Urganch, Buxoro va Samarqand shaharlarida tashkil etilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo hamda Jizzax viloyatlarining 60 dan ziyod vakillari ishtirok etdi.

Xususan, 2018-yilning 9-avgust kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan treningda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, xalqaro tashkilotlar, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalari vakillari, kasaba uyushmalari va bandlik boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.

Trening O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bosh mutaxassisi Lazokat Turikova hamda O‘zbekistondagi yetakchi nashrlarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar Tolib Raxmatov (www.kun.uz nashri jurnalisti), Lola Islamova (www.anhor.uz axborot tahlil onlayn nashri bosh muharriri) tomonidan olib borildi, unda mehnat munosabatlariga oid materiallarni tayyorlash va tarqatish, jurnalistik surishtiruv o‘tkazish, amaldagi qonun normalari bo‘yicha ishlash tartibi, axborotni to‘g‘ri va aniq taqdim etish kabi mavzularda so‘z yuritildi.

“Mehnat huquqlari himoyasini xolis yoritish va axborotni o‘z vaqtida taqdim etish mexanizmlari” mavzusidagi treninglar boshqa viloyatlarda ham davom etadi, xususan joriy yilning 13-avgust kuni Farg‘ona viloyatida hamda 15-avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.