“DEUTSCHE WELLE” AKADЕMIYASI MUTAXASSISLARI ISHTIROKIDA
09.08.2018 | Ko`rilgan: 305

8-avgust kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Xalqaro press-klub bilan hamkorlikda “Deutsche Welle” akademiyasi vakillari ishtirokida “Zamonaviy jurnalistika uchun kadrlar tayyorlash: “Deutsche Welle” akademiyasi tajribasi“ mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Xalqaro press-klub rahbari, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qudratxoʻjayev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori oʻrinbosari B.Bekmurodov, “Deutche Welle” akademiyasi koordinatori Lidiya Ranert hamda Akademiya masʼul xodimi V.Rudniklar soʻzga chiqib, Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, davlat idoralarining oshkoralik va shaffoflik prinsiplari boʻyicha oldinga qoʻygan qadamlari, zamonaviy jurnalistika yutuqlari hamda soha vakillari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishning muhimligini taʼkidladilar.

Xususan, Oʻzbekistonda yetuk jurnalistlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, mediatuzilmalar uchun keng imkoniyatlar yaratilib, zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilayotgani haqida maʼlumot berildi.

Tadbir davomida “Deutsche Welle” mediatuzilmasi taqdimoti oʻtkazilib, bugungi kunga qadar bosib oʻtgan faoliyat yoʻli taqdimoti oʻtkazildi. Shuningdek, Akademiya faoliyati, xorijiy mutaxassislar uchun taqdim etiladigan oʻquv kurslari va dastur haqida axborot berildi.

Maʼlumot uchun, “Deutsche Welle” (“Nemis toʻlqini”) teleradiokompaniyasi Germaniyaning xorijiy tinglovchilar va tomoshabinlarga moʻljallangan yirik mediatuzilmasi boʻlib, 60 mamlakatda 3 mingga yaqin xodimi faoliyat olib boradi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda “Deutsche Welle” teleradiokompaniyasi auditoriyasi qariyb 150 million kishini tashkil etadi.

2004 yilda kompaniyaning radio va telejurnalistlar malakasini oshirish markazi bazasida akademiya tashkil etilgan. Ushbu akademiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biri zamonaviy OAVni rivojlantirish, xususan, xalqaro standartlarga mos jurnalist kadrlarni tayyorlashdan iborat.