O'ZBЕKISTON DЕLЕGATSIYASI TURKIYA SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRI O’RINBOSARI EMINЕ ALP MЕSHI BILAN UCHRASHDILAR
20.08.2018 | Ko`rilgan: 257

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan Oʻzbekiston tibbiyotini tubdan takomillashtirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Bugungi kunga qadar sogʻliqni saqlash sohasida koʻplab yutuqlarga erishgan hamda boy tajribaga ega Janubiy Koreya, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlarga tashriflar amalga oshirilib, xorijiy mutaxassislar bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi. Zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan yetakchi tibbiyot va ijtimoiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Xususan, joriy yilning 13-17 avgust kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Bosh prokuratura, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Toshkent farmatsevtika instituti masʼul mutaxassislari Turkiyaning Anqara shahriga tashrif buyurdilar. Maʼlumki, Turkiya bemorlarni davolash samaradorligi va amaliyotda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.

Tashrif davomida vakillarimiz Turkiya Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Emine Alp Meshi bilan uchrashuv oʻtkazib, bugungi kunda yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, eshirilgan natijalar, kelgusidagi rejalar va oʻzaro hamkorlik masalalari haqida fikr almashdilar. Shuningdek, vazirlikning halqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi Selami Qilich bilan Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun, Turkiya sogʻliqni saqlash tizimida tibbiy muassasalarning 60 foizini davlat muassasalari, 18 foizini universitetlar qoshidagi klinikalar va 22 foizini xususiy tibbiy muassasalar hisobiga toʻgʻri keladi. Bugungi kundagi mavjud 1510 ta shifoxonada jami 232 035 ta o'rin faoliyat koʻrsatib, tizimdagi xodimlarning umumiy soni 627 ming nafarni tashkil qiladi.

Delegatsiya aʼzolari 184 raqamli tunu-kun faoliyat koʻrsatuvchi “kol-markaz”, uning ishlash mexanizmlari bilan tanishdilar. Mazkur muassasa shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bir qatorda, xizmatlar sifati, shikoyatlar va takliflarni qabul qilib, aholining xizmatlardan qoniqish darajasini tahlil qilib boradi.

Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari Turkiyadagi barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarni bir elektron tizimga birlashtiruvchi “Medula” elektron dasturi haqida maʼlumot oldilar. Mamlakatdagi barcha tibbiyot muassasalari ushbu dastur bazasiga kiritilgan boʻlib, bemorga koʻrsatilgan har bir xizmat, vrach tomonidan belgilangan dori vositalari haqidagi maʼlumotlar kiritib boriladi.

Tashkil etilgan uchrashuv va muzokaralar davomida delegatsiya aʼzolari, shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihoz harakatlarini nazorat qilish, sogʻliqni saqlashning ijtimoiy himoya va tez-tibbiy yordam xizmatlari faoliyatlari bilan ham yaqindan tanishdilar.