TSM VA TURKIYANING “STRATEJIK DÜŞÜNCE ENSTITÜSÜ” (STRATЕGIK TUSHUNCHA INSTITUTI) BILAN HAMKORLIK ALOQALARINI OʻRNATDI
20.08.2018 | Ko`rilgan: 247

Anqara shahridagi Oʻzbekistonning Turkiya Respublikasidagi elchixonasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori oʻrinbosari Bobur Bekmurodov va Strategik tushuncha instituti direktori Muhammet Savash Kafkasyali ishtirok etdi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Turkiyaning Strategik tushuncha instituti bilan bir qator yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Samarali kechgan uchrashuv yakuniga koʻra, tomonlar hududiy “aql markazlari” ishtirokida “davra suhbatlari” va forumlar oʻtkazish, tashqi siyosat sohasida qoʻshma tadqiqotlar olib borishga kelishib olishdi. Bundan tashqari, hukumatlararo uchrashuvlar doirasida turli sohalar boʻyicha takliflar tayyorlash, tahliliy materiallar chop etish rejalashtirildi. Shuningdek, tajriba almashish maqsadida mutaxassislar oʻrtasida stajirovkalar tashkil etish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar.

Maʼlumot uchun, Strategik tushuncha instituti nodavlat notijorat tashkiloti boʻlib, Turkiyadagi yetakchi tahlil va “aql markazlaridan” biri hisoblanadi. Tashqi va ichki siyosat, iqtisodiyot, media va boshqa koʻplab sohalarida tadqiqotlar oʻtkazadi. Ilmiy maqolalar chop etib, jamoatchilik fikri soʻrovlari natijasida hukumatga turli masalalar boʻyicha takliflarini kiritib boradi.