“TARAQQIYOT” RЕSPUBLIKA TANLOVIGA ARIZALAR QABULI 2018 YILNING 1 OKTYABRIDAN BOSHLANADI
08.09.2018 | Ko`rilgan: 398

8-sentyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanloviga bagʻishlangan press-brifing boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibroxim Abduraxmonov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori Botu Alimov va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayevlar ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida OAV vakillariga tanlovning axborot roligi namoyish etilib, keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida barcha yetakchi OAV orqali efirga uzatilishi haqida aytib oʻtildi. Shuningdek, tanlovning oʻtkazilish jarayoni, gʻoliblarga beriladigan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdilar. Jarayonlarning yanada samarali tashkil etilishida jurnalistlarning oʻrni muhimligi sababli, tashkilotchilar ularni tanlov oʻtkazilishida yaqin hamkorlikka chorladilar.

Press-brifing davomida Innovatsion rivojlanish vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi OAV vakillarining savollariga javob berar ekan, tanlov 30 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan boʻlajak rahbar kadrlarni tanlab olish maqsadida oʻtkazilayotganini alohida taʼkidladilar. Tanlov haqiqiy maʼnoda ularga katta imkoniyat ekanligi va uning shaffof hamda adolatli oʻtishi uchun barcha choralar koʻrilishi aytib oʻtildi. Jumladan, tanlovning har bir 16 nominatsiyasi boʻyicha soha mutaxassislaridan iborat komissiya tuzilgan hamda saralash jarayonlarida kamchiliklar kuzatilmasligi uchun “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillaridan iborat kuzatuv guruhlari tashkil etilgan.

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar shu yilning 1 oktyabridan 30 oktyabriga qadar taraqqiyot-tanlov.uz sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.