“TARAQQIYOT STRATЕGIYASI” MARKAZI OʻZBЕKISTON VA XITOY TADQIQOT MARKAZLARI VA OAVLARI VAKILLARI ISHTIROKIDA SIMPOZIUM TASHKIL ETDI
10.09.2018 | Ko`rilgan: 141

2018 yilning 10-sentyabr kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida ikki davlat tadqiqot institutlari va OAV vakillari ishtirokida “Bir makon, bir yoʻl: Oʻzbekiston va Xitoy tadqiqot institutlari va OAVlari oʻrtasida muloqot” mavzusida xalqaro simpozium boʻlib oʻtdi. Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Xitoy xalq diplomatiya assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Simpoziumni oʻtkazishdan asosiy maqsad ikki davlat tadqiqot markazlari va OAVlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish hamda kelgusi rejalarni rivojlantirish hisoblanadi. Bu kabi uchrashuvlarning tashkil etilishi davlatlar oʻrtasida xalqlar uchun xizmat qiluvchi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Xitoy “aql markazlari” hamda OAVlari oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilib, davlatlarning umumiy rivojlanishiga sezilarli xissa qoʻshadi.

Tadbir davomida Xitoy xalq diplomatiyasi assotsiatsiyasi bosh kotibi j-b Chjao Siyuan, Xitoy xalq diplomatiyasi assotsiatsiyasi vitse-prezidenti j-b Xu Chjenyue, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov va boshqalar ishtirok etib, maʼruza qildilar.

Oʻzbekiston va Xitoy tadqiqot institutlari va OAVlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlikni yanada ragʻbatlantirish, Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida madaniy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, turli sivilizatsiyalarning yakdil rivojlanishini taʼminlash kabi masalalar simpozium ishtirokchilari tomonidan sessiyalar davomida muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekiston vakillari oʻz chiqishlari davomida 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarni rivojlantirish yoʻlida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga alohida urgʻu qaratdilar.

Maʼlumki, Harakatlar strategiyasida belgilangan muhim vazifalardan biri – bu transport va logistika infratuzulmasini rivojlantirishdir. Bu eng avvalo, tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo aloqalarini kengaytirish, Oʻzbekistonning investitsion jozibdorligini oshirishga, turizm sohasining oʻsishi va eng asosiysi, tarixiy, etnik va madaniy jihatdan bogʻliq boʻlgan mintaqamiz xalqlarining yaqinlashishiga xizmat qiladi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubi-Gʻarbiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozorlari bilan bogʻlaydigan transport-logistika yoʻnalishlarini yaratishga katta qiziqish bildirmoqda.

Tadbir ishtirokchilari, shuningdek Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro tashabbusining oʻziga xosligi va dolzarbligi haqida soʻz yuritib, uning yangi savdo yoʻllarini ochish, transport va iqtisodiy koridorlarni yaratishda Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy manfaatlariga mos kelishini taʼkidladilar.