“TARAQQIYOT STRATЕGIYASI” MARKAZI YAPONIYADAGI OʻZBЕK YOSHLARI ASSOTSIATSIYASI BILAN MЕMORANDUM IMZOLADI
17.09.2018 | Ko`rilgan: 163

 

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 11-14-sentyabr kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori A.Burxanov Yaponiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida qator rasmiy tadbirlarda ishtirok etib, muhim uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi – Yaponiya parlamenti” parlamentlararo forumining navbatdagi majlisi va “Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha demokratik islohotlar va yangilanishlar yoʻli. Oʻzbekistonning Yaponiya bilan hamkorlik istiqbollari” nomli oʻzbek-yapon simpoziumi tashkil etildi.

Unda Yaponiyaning rasmiy, ishbilarmonlik va tadqiqot doiralari, oliy oʻquv yurtlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Mazkur tadbirlar Kunchiqar yurtda katta qiziqish uygʻotdi.

Simpozium ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakat ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari haqida xabardor qilindi.

Tokio shahrida 13-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining investitsion salohiyatiga bagʻishlangan forum boʻlib oʻtdi. Unda delegatsiya aʼzolari Yaponiya jamoatchiligi, xususan, biznes doira vakillari va tadbirkorlarni mamlakatimizning turistik va iqtisodiy salohiyati, milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, xorijiy investorlar uchun yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar toʻgʻrisida xabardor qildilar.

Delegatsiya aʼzolari, shuningdek Yaponiyada istiqomat qiluvchi va taʼlim olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdilar. Uchrashuv ishtirokchilari bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashlarini va bu yoʻlda koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirdilar. Uchrashuv yakunlariga koʻra, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi “Nagoya - Oʻzbekiston” doʻstlik assotsiatsiyasi va Yaponiyadagi oʻzbek yoshlari assotsiatsiyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlarini imzoladilar.

Imzolangan hujjatlarga koʻra, endilikda Yaponiya va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari professor oʻqituvchilari, shuningdek, Yaponiyada taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan hamkorlikda qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar oʻtkazishlari mumkin boʻladi. Bundan tashqari, Yaponiyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning Oʻzbekistonda maʼruza va tajriba almashish dasturlari tashkil etiladi.