TOSHKЕNT SHAHRIDA “RAQAMLI MARKAZIY OSIYO UCHUN INNOVATSIYALAR” MAVZUSIDA XALQARO FORUM BOʻLIB OʻTDI
25.09.2018 | Ko`rilgan: 439

2018 yilning 25-sentyabr kuni Toshkent shahrida “Raqamli Markaziy Osiyo uchun innovatsiyalar” mavzusidagi Ikkinchi yillik forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Huawei” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Forum davomida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan 200 dan ziyod davlat idoralari mutaxassislari, sanoat va ilmiy doira vakillari, ekspertlar raqamli infratuzilmaning iqtisodiy oʻsishga taʼsiri, oddiy odamlar hayotini yengillashtirish va boyitish, innovatsion loiyhalar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish kabi mavzularni muhokama qildilar.

Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoning eng tez rivojlanayotgan bozorlaridan biri hisoblanib, u bugungi kunda sanoatdagi keskin raqamlashuv bilan toʻqnashmoqda. Raqamli iqtisodiyot esa kun sayin jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, forum ochilishida soʻzga chiqqan Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov, Oʻzbekistonda ham bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida AKTini jamiyat hayotining barcha sohalariga faol joriy etish, zamonaviy innovatsiyalardan keng foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼruza qildi.

- “Innovatsion kunning” Oʻzbekistonda oʻtkazilishi oʻz vaqtida boʻldi, deb aytish mumkin. Chunki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan kuni kecha 2019−2021- yillarda mamlakatni innovatsion rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi"ni tasdiqlandi. Uning asosiy maqsadi - mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish hisoblanadi. Bosh maqsadga erishishda strategiyaning asosiy vazifalari qatorida Oʻzbekistonning 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish belgilandi. Koʻplab koʻrsatkichlarning mavjud emasligi va ishlar samarali muvofiqlashtirilmagani sababli mamlakatimiz soʻnggi yillarda nufuzli va obroʻli xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida ishtirok etmayapgan edi. Shu munosabat bilan, yuqori martabali mehmonlar va nufuzli ekspertlar, mutaxassislar ishtirokida oʻtayotgan bugungi uchrashuv natijasida taqdim etiladigan qoʻshma loyihalar va yangi takliflar nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasining innovatsion rivojlanishiga katta turtki beradi, degan umiddamiz”.

Huawei Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi boʻyicha prezidenti janob Jeyms Chen ham Markaziy Osiyoni raqamlashtirishga oid takliflar va tavsiyalarni oʻz ichiga olgan hisobotni taqdim yetdi. Nutqida u Markaziy Osiyo davlatlari, keng polosali simli va mobil aloqa, jumladan, ularning telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, turli sohalardagi nosozliklarga chek qoʻyish, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish (OTT) uchun har tomonlama qoʻmak va qoʻllab-quvvatlash bilan taʼminlash kerakligini taʼkidladi. Nazorat organlari yanada koʻproq investitsiyalar jalb etish yoʻlida MBB operatorlari va OTT rivojlanishini ragʻbatlantirish uchun yanada qulayroq siyosat olib borish zarur ekanligi haqida fikr buldirdi.

Janob Chen ushbu yoʻnalishdagi asosiy omil sanoatning raqamlashtirilishi ekanligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, davlatlar turizm va transport kabi tarmoqlarga ustuvor ahamiyat berishlari kerak. Nihoyat, janob Chen davlatlarni “aqlli” hukumatni yaratish uchun asos boʻlgan davlat organlaridagi ichki jarayonlarni imkon qadar erta raqamlashtirishga va keyinchalik asta-sekin shaharlarning elektron hukumatini joriy etishga oʻtishga chaqirdi. Ushbu sohalarda Huawei mahalliy operatorlar va hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyor ekanligini va eng yaxshi yechimlarni topishga yordam berishini aytib oʻtdi.

Huawei Innovatsiyalar kuni Markaziy Osiyodagi raqamli ekotizimni barpo etishga jalb qilingan asosiy manfaatdor tomonlar oʻrtasida keng qamrovli muloqotni amalga oshirish uchun platformaga aylanib ulgurdi. Bu yilgi tadbirga Oʻzbekiston AKT vazirligi vakillari, Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qozogʻiston axborot va kommunikatsiyalar vaziri oʻrinbosari Dinara Щyeglova, Tojikiston Aloqa xizmatlari raisining birinchi oʻrinbosari Ilhomjon Atoyevlar ishtirok etdilar. Tadbir doirasida ishtirokchilar navbatdan tashqari davra suhbatida raqamli transformatsiya jarayonida hukumatlarning oʻrni va mavqei haqida fikr almashdilar. Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Huawei va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti birgalikda “Oʻzbekistonda iqtidorli oʻquvchilarni tayyorlash dasturi” ni taqdim etdilar. Loyiha shartlariga koʻra, yaqin uch yil ichida Huawei kompaniyasi mazkur universitet bilan onlayn taʼlim orqali AKT sohasida taxsil oluvchi mingga yaqin yosh iqtidorli talabalarga bilim berishni yoʻlga qoʻyadi. Umuman olganda, “Kelajak Nixollari” deb nomlangan loyiha sanoat va boshqa sohalarda elektron hukumatni va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, bulutli yechimlar, raqamlashtirishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni yaratishga hissa qoʻshish yoʻlida Oʻzbekiston uchun yosh isteʼdodlar bazasini barpo etishni maqsad qilib qoʻygan. Tadbirda soʻzga chiqqan boshqa maʼruzachilar ham raqamli ekotizimni yaratish uchun oʻz fikr-mulohazalarini bayon etdilar. Xususan, ular shu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi muassasa va idoralar, yaʼni Moskva SKOLKOVO boshqaruvi maktabi, Xitoyning YITU Technology va Yi-hualu kompaniyalari, shuningdek Oʻzbekiston neft va gaz sanoati tashkilotlari, hamda telekommunikatsiya operatorlarini jalb qilish orqali “Sanoatlarni raqamlashtirishda yangicha siyosat va tartibga solish yoʻl-yoʻriqlari”, “AKTning kelajak avlodlar rivojlanishidagi oʻrni va hissasi”, “Sunʼiy aql asoslari”, kabi yoʻnalishlarga katta urgʻu berdilar.