OʻZBЕKISTON DЕLЕGATSIYASI HIND TADQIQOT INSTITUTLARI VA “AQL MARKAZLARI” VAKILLARI BILAN UCHRASHDILAR
28.09.2018 | Ko`rilgan: 423

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga rasmiy tashrifi arafasida Deli shahrida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari va Hindistonning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda “aql markazlari” ekspertlari ishtirokida forum boʻlib oʻtdi.

Tadbirda, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining maxsus vazifalar boʻyicha elchisi Ilxomjon Nematov, Oʻzbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farxod Arziyev hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanovlar oʻzbek-hind hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildilar.

Jumladan, bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, 2017-2021- yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining borishi, shuningdek, ikki davlat oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari haqida soʻz yuritildi.

Oʻz navbatida, Hindiston mudofaa tadqiqotlari va tahlil instituti va “Vivekanda” xalqaro “aql markazi” vakillari yurtimizdagi soʻnggi yillardagi oʻzgarishlarni yuqori baholadilar.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan bugungi kunda ikki davlat oʻrtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish dolzarb masala ekanligini bildirib, Markaziy Osiyoda tinchlikni taʼminlash, mudofaa sanoatini rivojlantirish, taʼlim, farmatsevtika, turizm, savdo-sotiq, axborot texnologiyalari va innovatsiyalar kabi yoʻnalishlarda yangi bosqichga koʻtarilish payti kelgani va bunga barcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlab oʻtildi.